Yangiliklar
COVID-19GA QARSHI 12 YOSHDAN YUQORI BOLALAR VA O‘SMIRLAR HAM EMLANADIMI?
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar, aholi orasida aholini koronavirusga qarshi emlash va vaksinalar bilan bog‘liq turli savollarga duch kelmoqdamiz. AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekistonda COVID-19 epidemiyasi bo‘yicha fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan kelib tushgan savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Atabekov javob berdi.

Savol: COVID-19ga qarshi 12 yoshdan katta bolalar ham ixtiyoriy emlanadi, degan xabarni eshitdik. Bu naqadar haqiqatga to‘g‘ri keladi?
Javob: Haqiqatdan ham endilikda mamlakatimizda 12 yoshdan katta bolalar COVID-19ga qarshi Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlanishiga ruxsat berildi.
Koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasining 12-15 yoshdagi bolalarda o‘tkazilgan klinik sinovlarining natijalari mazkur vaksinaning yuqori darajada samaradorligi va xavfsizligini ko‘rsatdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 12 yoshdan yuqori bolalar va o‘smirlarni Pfizer vaksinasi bilan emlash tavsiya etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi va milliy texnik immunologik ekspert komissiyasining qaroriga asosan, yurtimizda ota-onalar va vasiylarining roziligi asosida, ixtiyoriy ravishda 12 yoshdan katta bolalarni Pfizer vaksinasi bilan emlash imkoniyati mavjud.
Yurtimizda ham 12 yoshdan katta bolalar shifokor ko‘rigidan o‘tgach, koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasi bilan emlanishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, shu yil 13 sentyabr kuni mamlakatimizga 1 200 000 dozasi Pfizer/BioNTech vaksinasi olib kelingan.
Savol: Hozirgi paytga kelib koronavirus kasalligining birmuncha kamayib borayotganligini kuzatayapmiz va ijtimoiy tarmoqlarda ham bu haqda yozishmoqda. Ayting-chi, kasallik yana avj olishi mumkinmi?
Javob: To‘g‘ri ta’kidladingiz, haqiqatdan ham keyingi kunlarda koronavirus kasalligi qayd etilishida pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda.
Bu holatni uchta jihat bilan baholash mumkin:
- birinchisi koronavirus kasallanib, sog‘ayganlar soni kundan-kunga ortib borayapdi (tabiiy immunitet orttirganlar);
- ikkinchisi koronavirusga qarshi vaksinalarning dastlabki dozalarini olganlar va to‘liq emlanganlar soni ham ortib borayapdi (faol orttirilgan immuniteti borlar);
- uchinchisi, koronavirus kasalligi oxirgi avj olgan davrida immun tizimi nochor (kuchsiz) bo‘lgan aholi qatlami kasallikni yuqtirib ulgurdi va aholi orasida immunitet darajasi birmuncha yuqorilargina kasallikka chalinmay qoldilar.
Ko‘rinib turibdiki, ushbu sabablar vaziyatga bevosita o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Shunday ekan keyingi bosqichda (navbatdagi kasallik avjida) immun tizimi nochor (kuchsiz) bo‘la turib kasallanmay qolgan aholi qatlami va hozircha birmuncha yuqoriroq immunitetga ega bo‘lib, vaqt o‘tishi barobarida uning susayib borishi kuzatiladigan aholi hisobidan kasallik qayd etilishi yana ko‘tarilishi mumkin.
Aslo yodimizdan chiqmasligi kerak, jamoaviy immunitetni shakllantirmay turib (kasallanib yoki emlanib) epidemik vaziyatning barqarorligiga erishib bo‘lmaydi. Kasallikdan keyingi immunitet tarangligi esa nechog‘lik turg‘un ekanligini bilmaymiz. Shu bois kasallanganlik yoki kasallanmaganlikdan qat’iy nazar epidemik ko‘rsatmaga asosan koronavirusga qarshi emlanish zarur.
Savol: O‘zbekiston-Xitoy hamkorligida ishlab chiqarilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini yosh bolalarda ishlatish mumkinmi?
Javob: Vaksinalarni qaysi aholi qatlamida ishlatishdan qat’iy nazar avval albatta shu yosh qatlami ichida o‘tkazilgan klinik sinovlar bo‘lishi shart.
Shu bois ham kelgusida xuddi 18 yoshdan kattalarda o‘tkazilgani kabi Innnovasion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda mazkur vaksinani bolalar va o‘smirlarni emlashda qo‘llash masalasiga aniqlik kiritish uchun ko‘ngillilar orasida klinik sinovlar o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.
Hozir dunyo hamjamiyatida, ayniqsa, vaksinalarni ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan koronavirusga qarshi vaksinalarni yosh bolalar, homilador va emizikli ayollarda, hatto OIV infeksiyasiga chalinganlar orasida qo‘llash masalasida klinik sinovlar, o‘rganishlar davom etmoqda. Hademay bu borada ham yangiliklar paydo bo‘lsa ajabmas.
Savol: Ijtimoiy tarmoqlarda so‘nggi kunlarda poytaxtimizda bolalar o‘rtasida yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishi bilan bog‘liq noma’lum yuqumli kasallik tarqalayotgani, “Tez yordam” xizmatiga bolalarda isitma ko‘tarilishi bilan bog‘liq chaqiruvlar soni keskin ortgani, shu bois, bu qanday kasallik ekanini aniqlash hamda poytaxt umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarini 10 kun muddatga karantinga yopish lozimligi to‘g‘risidagi xabar tarqaldi. Ushbu masalaga oydinlik kiritib bersangiz?
Javob: Aslida har yili kuz va qish fasli gripp hamda o‘tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari avj oladigan mavsum hisoblanadi. Shu bois, bu yil ham ayni shu mavsumda gripp, paragripp, renovirus, reovirus va boshqa qator o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) nisbatan ko‘proq kuzatilmoqda.
Ayni kunlarda shifoxonalarga o‘tkir respirator virusli infeksiya kasalliklari belgilari bilan murojaat qilayotganlarning aksariyatida tana harorati ko‘tarilishi, burun oqishi, aksirish kabi mavsumiy O‘RVIga xos belgilar kuzatilayotgan bo‘lib, bemorlarga nisbatan virusga qarshi davo muolajalari olib borilgandan so‘ng, deyarli barchasi 3-4 kundan keyin kasallikdan to‘liq sog‘ayib ketishi kuzatilmoqda.
Bemorlardan olingan namunalar koronavirus infeksiyasiga PZR usulida tekshirilganda manfiy natija qayd etilmoqda.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi haftalarda yurtimizda koronavirus kasalligining umumiy statistikasida pasayish kuzatilmoqda. Tabiatda esa bo‘shliq bo‘lmaydi. Demak, bir virus muhitni bo‘shatsa, boshqa virus uni egallashi mumkin. Bu jihatni barcha mavsumiy kasalliklarda kuzatish mumkin.
Har doimgidek, tana haroratining ko‘tarilishi bilan shifoxonaga murojaat qilayotgan bolalar tekshiruvdan o‘tkazilganda ularda hech qanday noma’lum virus aniqlanmagani, kasallikni oddiy o‘tkir respirator virusli infeksiyalar qo‘zg‘atayotgani ma’lum bo‘lmoqda.
Qolaversa, har yili kuz mavsumi boshlanishi vaqtida aholidan gripp kasalligiga qarshi emlanishni tavsiya qilamiz. Chunki gripp kasalligi ko‘proq asoratlar keltirib chiqarishi nuqtai nazaridan ancha jiddiy kasallik hisoblanadi.
Bu yil esa koronavirus bilan kasallanganlik yoki boshqa xavotirlar tufayli gripp kasalligiga qarshi emlanish (yetarli miqdorda grippga qarshi vaksinalar mavjudligiga qaramasdan) kutilgan darajada bo‘lmayapdi.
Ta’kidlash joizki, grippga qarshi emlanish orqali insonda “chorraha immuniteti” shakllanib, bu boshqa O‘RVI kasalliklariga qarshi ham qisman himoyani yuzaga keltirishi isbotlangan holat.
Shunday ekan, oddiy mavsumiy kasallikdan bu kabi fojea yasash, murakkab pandemiya sharoitida yashayotgan odamlar orasida asossiz vahima va xavotirga sabab bo‘lishi mumkinligini unutmang.
So'nggi yangiliklar
Tadbirlar taqvimi
Dsh | Ssh | Chsh | Psh | Jm | Shn | Yak |